Islomiy ma'lumotlar


POKLANISH

Gʼuslning «bir narsaning ustidan suv oqizish» maʼnosi bor. Shariatda esa Аlloh taologa yaqinlik niyatida badanning hamma yeriga suv oqizib tozalash «gʼusl» deyiladi. Inson sharʼan tayin qilingan hollarda vujudidagi nopokliklarni ketkazish uchun gʼusl qilib tozalanishi shart. Gʼusl qilishi lozim boʼlgan odamning gʼusl qilmasdan namoz oʼqishi, Qurʼon ushlashi yoki tilovat qilishi, masjidga kirishi va boshqa ibodatlarni ado etishi mumkin emas. Haj va umra uchun ehromga kirish, juma va hayit namozlari oldidan gʼusl qilish sunnat amallardan sanaladi.

Namoz oʼqish oldidan kiyimlarni, namoz oʼqish joylarini najosat-iflosliklardan tozalash, badanni gʼusl, tahorat yoki tayammum kabilar bilan poklash namozning asosiy shartlaridan hisoblanadi.

Tahoratni arablar «vuzuʼ» deyishadi, oʼzbekchada «poklanish, tozalanish, ozodalik» maʼnolarini bildiradi. Shariatda esa namoz oʼqish, Qurʼon tilovat qilish va boshqa ibodatlar oldidan muayyan aʼzolarni suv bilan yuvib tozalash «tahorat» deyiladi. Tahorat Qurʼoni Karim va sunnat bilan buyurilgan. Yuzni toʼla, ikki qoʼlni tirsaklari bilan, oyoqlarni toʼpigʼi bilan yuvish va boshning toʼrtdan biriga mash tortish tahoratning farzlaridir. Tahorat uchun suv topilmasa yoki suv ishlatishning iloji boʼlmasa, oʼrniga tayammum qilinadi.

Islom dinining bagʼrikengligi va yengilliklaridan yana biri pok suv yoʼq yoki suv bor boʼlib, uni ishlatish esa mumkin boʼlmagan vaqtlarda musulmon kishining Robbisiga qiladigan ibodatining barakotidan, uning foydalari va ruhiy ozuqasidan mahrum qilib qoʼymaslik uchun tahorat yoki gʼusl oʼrniga tayammum joriy qilingan. Аlloh taolo shunday deydi: «Аgar suv topa olmasangiz, pokiza tuproq bilan tayammum qilib, yuz va qoʼllaringizga surtinglar» (Niso surasi, 43-oyat).

Tayammum deb tahorat niyati bilan yer jinsidan boʼlgan pok kesak, tosh, qum kabi narsalarga ikki qoʼlini urib yuzga va ikki qoʼlga tirsaklari bilan qoʼshib mash tortishga aytiladi.

Tayammum qilish lozim boʼlgan sabablar

1. Yarim soatli yoki undan koʼproq yoʼl orasida suvning yoʼqligi; bu taxminan ikki chaqirimni yoki toʼrt ming qadamni (1848 metrni) tashkil etadi.

2. Suv ishlatsa kasallikdan yoki uning ziyoda boʼlishidan va yo davoning sekinlashishidan tashvish boʼlsa.

3. Suv oldiga borishda biror xavf-xatar (masalan, dushman, vahshiy hayvon, vabo kabi) boʼlsa.

3. Suv oʼta sovuq, insonga aziyat yetkazib qoʼyadigan darajada boʼlsa va uni isitishga sharoit boʼlmasa.

4. Аgar suvda tahorat qilsayu, oʼzi yoki sherigi va hatto hayvoni chanqab, halokatga uchrashi xavfi boʼlsa.

5. Hamma sharoitlar bor-u, lekin tahorat qilib kelguncha iyd yoki janoza namozlari oʼqib qoʼyilishi ehtimoli boʼlsa ham tayammum qilinadi, chunki bu namozlarning qazosi yoʼq. Аmmo juma namoziga yeta olmasligini bilsa ham tahorat qiladi, chunki agar juma namozi qazo boʼlsa, uning oʼrniga peshin oʼqilishi mumkin. Аgar namozning qazo boʼlishi ehtimoli yuzaga chiqsa, vaqtni ehtirom qilish yuzasidan tayammum bilan oʼqish joiz. Lekin baribir tahorat yoʼq boʼlsa, tahorat olib yoki junublik yetgan boʼlsa, gʼusl qilib, qaytadan oʼqiladi, chunki tayammum qilishga sabab mavjud emas.

1. Kishining orqa va oldi najosat yoʼlidan chiqadigan har qanday narsa tahoratni sindiradi. Ular xoh bavl, xoh yel boʼlsin, xoh najosat, xoh qurt boʼlsin, farqi yoʼq. Yana shu ikki yoʼldan biriga barmoqning kirishligi yoki orqaga huqna (klizma) qilib chiqarib tashlash bilan ham tahorat sinadi.

2. Badanning qaysi bir joyidan qon yoki yiring chiqsayu, toza joyga yoyilsa ham, tahorat buziladi.

3. Ogʼizni toʼldirib qayt qilish bilan ham tahorat sinadi. Inson qayt qilganda ogʼzi toʼlib gapira olmay qolsa yoki ogʼzini berkita olmasa, shu holat ogʼzi toʼlib qayt qilganga kiradi.

4. Yoki inson qon qayt qilsayu, tupugiga qonning rangi gʼolib boʼlib qizarsa, sinadi. Аmmo tupugining rangi sargʼaysa, sinmaydi.

5. Kishi yonboshlab yoki bir narsaga suyanib uxlasa va uyqusi shu suyangan narsasi olib qoʼyilganda yiqiladigan darajada boʼlsa, tahorati sinadi; mast boʼlish, hushdan ketish, tutqanoq va jinni boʼlish bilan ham tahorat sinadi.

6. Er xotinini yalangʼoch holda quchoqlasa ham tahorati ketadi.

7. Mazhabimizga koʼra rukuʼ va sajdasi bor namozda (janoza namozidan tashqari) balogʼatga yetgan xoh erkakning, xoh ayolning qah-qah otib kulishi bilan tahorat sinadi. Yonidagi kishi eshitadigan darajadagi kulgi «qahqaha» deyiladi. Аlloh taolo bilan munojot qilayotganda bu kabi narsalarni qiluvchilarga taʼzir berish sifatida ularga tahoratni yangilash shart qilinmoqda.

Izoh: koʼz yoshi (agar ogʼriq tufayli boʼlmasa), burunning suvi, badandan chiqqan ter, ona suti tahoratni buzmaydi. Shuningdek, chivin yoki burga qancha qon soʼrsa ham tahorat sinmaydi. Shuningdek mushak ostilariga ukol qilinganida qon chiqmasa tahorat sinmaydi.

Sayt yaratuvchisi:‌

VIPSHAKH

© Copyright 2023 Namoz.ga